Taro Xokkyo Kungaboqar

Taro Xokkuo
(Zamonaviy Yaponiya shoiri)

Kungaboqar
(nasriy she’r)

Kanako orqa tishlari bilan kungaboqar urug‘ini chaqardi va bu mamlakatda shoirlar yo‘q deb ming‘irlardi. U balkon devoriga  tirsaklari bilan suyangancha o‘ylardi va xo‘rsinardi. Bu osmono‘par binoni tepasidan qarasang, qabristonga o‘xshaydi, deb o‘ylardi u kungaboqar urug‘ini tishlari orasida chaqarkan.


Kanako vazaga solingan kungaboqar gulidan bir urug‘ni sidirib oldi-da, so‘ng bamisoli sehrgar kabi boshini shkafga tiqdi. Kumushrang shkaf ichida uning oq ipak ko‘ylagi porlardi vodarig‘. Kim bilsin, balki yaqindan ranglar mutanosibligida shunday ko‘rinar, nurlar ranglar vobastaligida shunday aylansa ajab emas.

Kanako shkafdan boshini chiqararkan, dunyo she’riyatining qayerda va qanday tug‘ilishidan hayratga tushdi. So‘ng bu yangilik emas deb o‘yladi va kaftini ko‘kragiga qo‘ygancha yerga qaradi.

Aqldan ozganlarni qalbida aql-idrok soladigan urug‘ bo‘lib tuyuldi kungaboqar. Agar bu aqldan ozgan olamda ishonadigan nimadir bo‘lsa, bu ham shu - kungaboqar urug‘i, deb yozadi Kanako o‘z kundaligida. U balkonning baland devoridan balandlikka sakrayotgan sportchi kabi o‘zini quyiga otdi.

Kanako yerga kelib urilguncha bir muddat havoda sho‘ng‘idi. Unga u bo‘ynini tiqqan shkaf osmonni bir nuqtada ushlab turganday tuyuldi. Bir vaqtning o‘zida qabriston toshlariga o‘xshab ketadigan osmono‘par binolar qabriston to‘ldirilgan dunyodan kungaboqar maydoniga aylandi, xuddi haqiqiy quyoshning nurlariga oshufta bo‘lib joy tanlagan kungaboqarlarning qadim dunyosiga aylanib ketdi zamin.

Ingliz tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi.


Рецензии