Чумоли

Neda uning fikru-hayoli
Noma'lumdir menga ahvoli
Qildek nozik ekan oyog'i
Doim harakatda chumoli.

Balki u ham bolam deb chopar,
Balki uyda zolim ayoli
Kun bermasdan it kabi qopar
Shundan yeldek yelar chumoli.

Tekinxo'rmas o'xshab kanaga
Mehnat qilib topar non-oshni
Rahming kelar nozik tanaga
Ko'tarib yurgan katta bu boshni.

Tosh yog'sa ham u qilar bardosh
Mehnatdadir uning jamoli
Qancha og'ir bo'lmasin bu bosh
Hech egmaydi mag'rur chumoli.

Uni bizga bo'lsin deb o'rnak
Olib kelgan jannat shamoli
Qilolmaymiz yuz yil yashasak
Qilgan ishni bitta chumoli

Jonzotlarning baridan ustun
Yer ostining butkul qiroli
Taqdirga ham tan bermay bir kun
Oyoq ostida o'lar chumoli.

Oyoq qo'ymang siz rahm qiling
Bir kun ursa uning uvoli
Yer ostiga g'arq qilar biling
Ko'z yosh to'ksa miglab chumoli.


Рецензии