***

Nima bo'ldi dunyoga bo'shab qoldi eru-ko'k,
Kechagi kulgularning endi qahqahasi yo'q,
Shir-yalang'och bog'larda uzukun kezar sovuq,
Bulutlar paydar-paydar kunbotarga og'moqda,
Toshkentda qor yog'moqda, Toshkentda qor yog'moqda.

Sarg'argancha bog'lardan shuvillab to'kildi kuz,
Chok-chokidan sovrilib bir dardchil so'kildi kuz,
Qad-qomati mayishib, axiyri bukildi kuz,
Endi bargsiz butoqlar kumush sirg'a taqmoqda,
Toshkentda qor yog'moqda, Toshkentda qor yog'moqda.

Nega axir go'zalim sen-ku qor so'rabmiding,
O'tinch ila yolvorib mendek yor so'rabmiding,
O'zingga baxt so'ramay dilafkor so'rabmiding,
Yo'qsa nechun ayriliq bevaqt eshik qoqmoqda,
Toshkentda qor yog'moqda, Toshkentda qor yog'moqda.

Bu so'ngi uchrashuvda qish otsa zaharxanda,
Qayga boradi axir mendek adashgan banda,
Ketmang deysan zo'r-bazo'r yig'lagancha armonda,
Ko'z yoshlaring jonginam behudaga oqmoqda,
Toshkentda qor yog'moqda, Toshkentda qor yog'moqda.

Shovullab to'kilyotgan yaproqlar hazin-hazin,
Qimtilgan lablardagi titroqlar hazin-hazin,
Nega deb so'ralmagan so'roqlar hazin-hazin,
Men ketarman ortimdan bir qiz yig'lab boqmoqda,
Toshkentda qor yog'moqda, Toshkentda qor yog'moqda.
2011.


Рецензии