Весна

       Bahor

Tabiat ko`rsatmish tengsiz bir jamol,

Viqor-la jilmayib bukun betakror.

Besh kunlik afifa kelinchak misol,

Do`stlar o`lkamizda yuz ochar bahor.

Ko`kdagi turnalar qo`shig’in tinglab,

Zaminu-samovat cho`lg’ar idrokim.

Dalalar gulshanga aylanmish minglab,

Borliqda bir go`zal yasharish hokim.

Tog’larning erigan qorli suvidan,

Amu sohillarin toshqinlar qamrar.

Ilhomim qaynaydi ko`ngil tubidan,

Yoshlikday musaffo axir bu damlar.

Ajabtovur esar mayin shaboda,

Tongdanoq shudringga belangan o`tlar.

Muallaq osilgan kuyi samoda,

Chordona quribdi baxmal bulutlar.

Yomg’ir ham quyadi zumda betoqat,

Chaqinlar yiltillar xanjar tusida.

Dunyoni to`ldirib faqat va faqat,

Kuylaging keladi baxt xususida.

Osmondan tushganday shu dam qaniydi,

Bog’da sayr aylasang sevgiling bilan;

Sevishganlar deya barcha taniydi,

Ahd-vafo boylasang sevgiling bilan.

Istasang bor mayli navro`z sayliga,

Qalbingni o`rtasin hislaring sohir.

Bir zum quloq tutgil ko`ngil mayliga,

Aslida bahor bu go`zallik axir.

Qara muhabbatning sahfosi elar,

Xushbuy chechaklarning sarxush atridan.

Mana asrlarki, bol tomib kelar,

Bahor, shoirlarning visol satridan.

Mana daraxtlar ham gulga burkandi,

O, tengsiz go`zal yurt - fayziyob o`lkam.

Hozirgina yomg’ir yog’ib turgandi,

Endilikda quyosh nur sochar ko`rkam.

Samo gumbazida naqsh o`laroq,

Ko`kda charx urmoqda mitti qaldirg’och.

Mehmon kelayapdi do`st, biroq yo`l yiroq

Lekin hozirdanoq darvozangni och.

Sumalak tortilar axir bizda ham,

Momolardan qolgan urf-odat rasm.

Do`stlar davrasida ko`raylik baham,

Bahor quvonchi-yu, shodiyonasin.

Tugab bitsin tamom g’amboda g’ussa,

Ko`ngilda qolmasin zarracha armon.

Tinglagandek go`yo musaffo qissa,

Bahorday ochilib yur faqat inson.

Sening cho`qqilaring bahaqqi kushod,

Dongdor Himalayni etgudek soya.

Seni olqishlayman bukun odamzod,

Mayli yuksalaver poyama-poya.

Nihoya topmoqda galgi muloqat,

Nigohing bahorday bo`lsin xush-ta'tim.

Seni ezgulikka chorlasin faqat,

Ko`ksimni yondirgan shu muhabbatim!
       2001


Рецензии
На это произведение написаны 2 рецензии, здесь отображается последняя, остальные - в полном списке.